Sog'liqni saqlash sohasidagi huquq va majburiyatlaringiz: bemorlar uchun qo'llanma
Poliklinika yoki shifoxonaga har bir ashrif — bu shunchaki shifokor bilan uchrashuv emas, balki sizning qonun bilan kafolatlangan huquqlaringizni amalga oshirish hamdir. O‘zbekistonda tibbiy yordam va xizmatlardan foydalanish, adolatsiz munosabatdan himoya qilish hamda sizning tanlovingizni hurmat qilishni kafolotlovchi qonun va qoidalarning keng qamrovli tizimi mavjud. Bu normalar quruq rasmiyatchilik emas: ular sizning davolanishingiz sifatiga, xavfsizligingiz va bemor sifatidagi qadr-qimmatingizga bevosita ta'sir qiladi. Qonunlar haqiqatda ishlashi uchun siz o‘z huquqlaringizni bilishingiz va ulardan to‘g‘ri foydalana olishingiz muhimdir.
Asosiy huquq: sog‘liqni saqlash va tibbiy yordam olish huquqi
Qonunda nima deyiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasida har kim sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Davlat ushbu yordamning aholiga foydalanish imkoniyati keng va bepul bo‘lishi uchun davlat dasturlari doirasida shart-sharoit yaratishi shart.
Bu siz uchun nimani anglatadi?
• Siz tasdiqlangan standartlar doirasida davlat poliklinikalari va shifoxonalarida bepul xizmatlardan foydalanish huquqiga egasiz.
• Sizda shifokor va poliklinikani tanlash huquqi mavjud (mavjud mutaxassis va qulayliklarga qarab).
• Sizda shifokor va poliklinikani tanlash huquqi mavjud (tanlov sizning hududingizdagi mutaxassislar va tibbiyot muassasalarining mavjudligi hamda qulayligiga bog‘liq).
• Sizning sog‘lig‘ingizga oid har qanday tibbiy aralashuv faqat sizning roziligingiz bilan amalga oshiriladi kerak, bundan faqat hayotingiz xavf ostida bo‘lgan yoki epidemiya holatlari istisno.
Bemorlarning huquqlari
Ma’lumot olish huquqi
Siz o‘z sog‘lig‘ingiz holati, qo‘yilgan tashxis, davolash usullari, ehtimoliy xavf va muqobil usullar haqida to‘liq ma’lumot olish huquqiga egasiz. Shifokor sizga barcha ma’lumotlarni sodda va tushunarli tilda tushuntirishi shart.
Tenglik va kamsitilmaslik huquqi
Tibbiy yordam jinsi, yoshi, millati, ijtimoiy holati, e’tiqodi va boshqa belgilaridan qat'i nazar ko'rsatiladi.
Shifokor va tibbiyot muassasasini tanlash huquqi
Siz sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatlari doirasida shifokor va tibbiyot muassasasini tanlashingiz mumkin.
Maxfiylik huquqi
Sizning tashxisingiz, kasallik tarixi va shaxsiy ma’lumotlaringiz tibbiyot siri hisoblanadi. Ular faqat sizning roziligingiz bilan yoki qonunda nazarda tutilgan holatlardagina oshkor etilishi mumkin.
Davolanishga rozilik berish yoki uni rad etish huquqi
Shifokor sizga davolanishning ehtimoliy oqibatlarini tushuntirganidan so‘ng, davolanishni rad etish huquqiga egasiz.
Ijtimoiy himoya va kompensatsiya olish huquqi
Agar noto'g'ri davolanish natijasida sog'lig'ingizga zarar yetkazilgan bo'lsa, siz ko‘rilgan zararni qoplash huquqiga egasiz.
Shikoyat qilish huquqi
Siz shifokorlar yoki tibbiyot muassasalari faoliyatidan norozi bo‘lsangiz, ma’muriy tartibda yoki sud orqali shikoyat berishingiz mumkin.
Tibbiyot xodimlarining majburiyatlari
Shifokorlar va tibbiyot xodimlari quyidagi majburiyatlarga ega:
• yordamga muhtoj har bir insonga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish;
• tibbiy xizmatlarni belgilangan sifat standartlariga muvofiq taqdim etish;
• bemorlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish va tibbiy etika qoidalariga rioya etish;
• tibbiyot sirini saqlash;
• sizga sog‘lig‘ingiz holati va davolanish jarayoni haqida tushunarli tilda ma’lumot berish;
• kasalliklarning oldini olish, tibbiy-ma’rifiy ishlar olib borishda ishtirok etish.
Ushbu majburiyatlar buzilgan taqdirda, tibbiyot xodimlari belgilangan tartibda qonuniy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Himoyaga muhtoj toifadagi shaxslar uchun maxsus kafolatlar
Bolalar va o‘smirlar:
• Bepul emlashlar va dispanser ko‘riklari;
• Maktab va kollejlarida tibbiy xizmat ko‘rsatish;
• Yetim bolalar va qarovsiz qolgan bolalar uchun alohida tibbiy himoya choralari.
Keksalar va pensiyadagi fuqarolar:
• Bepul yoki imtiyozli tibbiy yordam ko‘rsatish;
• Muntazam tibbiy ko‘rik va dispanser nazorati;
• Sanatoriya-kurortlarda davolanish imkoniyati.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar:
• Bepul yoki imtiyozli tibbiy yordam ko‘rsatish;
• Dori vositalari, protezlar va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash;
• Ijtimoiy reabilitatsiya va qulay muhitga ega bo‘lish huquqi.
OIV bilan yashovchi shaxslar:
• Bepul davolanish va tibbiy nazorat;
• Bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
• Kamsitishdan himoya va maxfiylikning kafolatlari.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va bolalar:
• Zudlik bilan tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
• Shifoxonalarning qabul bo‘limlarida maxsus birinchi yordam ko’rsatish xonalari;
• Tibbiyot muassasalarining Ichki ishlar vazirligi va ijtimoiy himoya markazlari bilan hamkorligi.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi yangi islohotlar (2023–2025-yillar)
• PF–88 (2025-yil 19-may) — oilaviy poliklinikalar va mahalla tibbiyot punktlari mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ldi. Bu ularning mustaqilligi va mas’uliyatini oshiradi.
• 870-son Qonun (2023-yil) — shaffoflikni kuchaytirishni nazarda tutadi: mahalliy hokimiyat organlari oldida hisobdorlik va jamoat tashkilotlari nazorat jarayonlarida ishtirok etadi.
• 879-son Qonun (2023-yil) — saraton kasalliklarini erta aniqlash va oldini olish imkoniyatlarini kengaytirish.
Amaliy holatlar: qanday harakat qilish kerak?
— Bemor davolanishni rad etmoqchi
Shifokor bemorga buning barcha xavf-xatarlarini to‘liq tushuntirishi shart. Rad etish holati yozma ravishda rasmiylashtiriladi.
— Oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs poliklinikaga murojaat qilsa
Avvalo, bemorga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng u maxsus himoya xonasiga yo‘naltiriladi va bu holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beriladi.
— Bemor tashxisdan shubhalansa
Sizda “ikkinchi fikr” olish huquqi mavjud, ya’ni boshqa mutaxassisga murojaat qilib maslahat olishingiz mumkin.
— Shifokor bemorning roziligisiz tashxisni oshkor qilgan bo‘lsa
Bu qonun buzilishi hisoblanadi. Siz shikoyat bilan murojaat qilishingiz va huquqlaringizni himoya qilishni talab qilish huquqiga egasiz.
Agar sizning huquqlaringiz buzilgan bo‘lsa, qayerga murojaat qilishingiz kerak?
• O‘z poliklinikangiz yoki shifoxona ma’muriyatiga;
• Hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasiga;
• O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga;
• Sud yoki prokuraturaga.
Muhim: ko‘plab poliklinikalarda bemorlarning shikoyatlari uchun ishonch telefonlari faoliyat yuritadi.
Qonunlar sizning huquqlaringizni himoya qiladi, biroq ular faqat siz o‘z huquqlaringizni bilsangiz va ularni himoya qilishga tayyor bo‘lsangizgina ishlaydi.
Беморлар томонидан кўп бериладиган саволлар
Соғлиқ ҳақида гап кетганда, ҳар бир инсонда «Қандай хизматларни бепул олишим мумкин?», «Агар менинг ҳуқуқларим бузилса, кимга мурожаат қилишим керак?», «Даволанишдан бош тортишим мумкинми?» каби саволлар туғилади. Биз беморлар кўп дуч келадиган энг муҳим ҳолатларни жамладик ва уларга содда ҳамда тушунарли жавобларни тақдим этдик. Бу бўлим сиз поликлиника ёки шифохонага мурожаат қилганингизда ўзингизни ишончли ҳис этишингиз ва сизнинг ҳуқуқларингиз қонун билан ҳимоя қилинганлигини, шифокорлар ва тиббиёт муассасаларида эса уларга риоя этиш мажбурияти борлигини билишингиз учун тузилган.
Men bepul tibbiy yordam olish huquqiga egamanmi?
Ha. Davlat poliklinikalari va kasalxonalarida siz davlat dasturlari doirasida bepul tibbiy yordam olish huquqiga egasiz. Bunga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, dispanserizatsiya, emlash, shoshilinch tibbiy yordam va davlat tomonidan tasdiqlangan boshqa xizmatlar kiradi.
Men shifokor yoki poliklinikani tanlay olamanmi?
Ha. Qonun sizga shifokor va tibbiyot muassasasini tanlash huquqini beradi. Biroq, amalda tanlov sizning hududingizdagi mutaxassislar va resurslar mavjudligiga bog‘liq.
Shifokor menga tashxis va davolashni tushuntirishi shartmi?
Ha. Shifokor sizning tashxisingiz, davolash usullari va xavf-xatarlarini oddiy so‘zlar bilan tushuntirishi shart. Agar biror narsani tushunmasangiz, bemalol savol bering - bu sizning huquqingiz.
Davolanishni rad etishim mumkinmi?
Ha. Agar sizga barcha oqibatlar tushuntirilgan bo'lsa, rad etish huquqiga egasiz. Istisnolar — agar rad etishingiz sizning hayotingizga yoki boshqalarning sog‘lig‘iga xavf tug‘dirsa (masalan, yuqumli kasallik holatlarida).
Agar shifokor tibbiyot sirini oshkor qilgan bo‘lsa, nima qilish kerak?
Sizning tashxisingiz yoki shaxsiy ma’lumotlaringizni sizning roziligingizsiz oshkor etish qonunga zid. Siz poliklinika ma’muriyatiga, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yoki sudga murojaat qilishingiz mumkin.
Bolalar va o‘smirlar qanday huquqlarga ega?
Barcha bolalar bepul profilaktika va davolash yordami, emlash va dispanser nazoratidan o'tish huquqiga ega. Maktablar va kollejlar tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlashi shart. Yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar uchun alohida himoyaga ega.
Keksalar va pensiyadagi fuqarolar qanday kafolatlarga ega?
Keksalar va pensiyadagi fuqarolar bepul yoki imtiyozli tibbiy yordam olish, muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tish va sanatoriya-kurort davolanishiga yo‘naltirilish huquqlariga ega.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning qanday huquqlari bor?
Nogironligi bo‘lgan shaxslar bepul yoki imtiyozli davolanish, dori vositalari, protezlar va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlanish, shuningdek, tibbiyot muassasalarida qulay muhitga ega bo‘lish huquqiga ega.
OIV bilan yashovchi shaxslarga qanday kafolatlar berilgan?
Ular bepul davolanish va tibbiy nazorat, bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kamsitilishdan himoya va shaxsiy ma’lumotlarining maxfiyligini saqlash huquqlariga ega.
Agar zo‘ravonlikdan jabrlanib, poliklinikaga murojaat qilgan bo‘lsam, nima qilish kerak?
Sizga zudlik bilan tibbiy yordam va psixologik qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilishi shart. Yirik shifoxonalarda zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va bolalar uchun maxsus birinchi yordam ko’rsatish xonalari mavjud. Tibbiyot muassasalari, shuningdek, sizni himoya qilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ijtimoiy xizmatlar bilan hamkorlik qiladi.
Agar huquqlaringiz buzilgan bo‘lsa, qayerga shikoyat qilish mumkin?
• O‘z poliklinikangiz yoki shifoxona ma’muriyatiga;
• Hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasiga;
• O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga;
• Sud yoki prokuraturaga.
Ko‘plab poliklinikalarda ishonch telefonlari faoliyat yuritadi — o‘z poliklinikangizda aniqlang.
Bemorning huquqlari buzilgan taqdirda nima qilishi kerak?
Agar siz poliklinika yoki boshqa tibbiyot muassasasida huquqlaringiz buzilishi holatlariga duch kelsangiz, quyidagi tartibda harakat qiling:
Joyida murojaat qiling
Avvalo bo‘lim mudiri yoki poliklinika bosh shifokori bilan gaplashing. Ko‘p masalalar aynan shu darajada hal etiladi.
Muhim: Agar sizga og‘zaki ravishda rad javobi berilgan bo‘lsa, yozma javobni talab qiling.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling
O‘zbekistonda yagona 1003 raqami (Sog‘liqni saqlash vazirligi) faoliyat yuritadi. Bu raqam orqali tibbiy yordam sifatining buzilishi yoki shifokorlarning beparvoligi haqida xabar berishingiz mumkin.
Hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasiga murojaat qiling
Har bir viloyat va Toshkent shahrida hokimiyat huzurida sog‘liqni saqlash boshqarmasi mavjud. Siz yozma ravishda yoki qabulxona orqali shikoyat yuborish huquqiga egasiz.
Elektron xizmatlardan foydalaning
• my.gov.uz – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali.
• pm.gov.uz – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi.
• lex.uz – shikoyatda keltirilishi mumkin bo'lgan qonun va me'yoriy hujjatlar.
Sud va prokuratura
Agar sizning huquqlaringiz qo‘pol tarzda buzilgan bo‘lsa (masalan, shoshilinch tibbiy yordam ko’rsatishni rad etish, tashxisni oshkor qilish, yetkazilgan zarar va boshqalar), siz sud yoki prokuraturaga murojaat qilishingiz mumkin. «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonunda zararni qoplash va sud himoyasi huquqi aniq belgilangan.
Hamisha hujjatlarni, retseptlarni, yo‘llanmalarni, tahlil natijalarini va shikoyat nusxalarini saqlab qo’ying. Bu sizning huquqiy himoyangizdir.
HUQUQIY MA’LUMOTNING ASOSIY MANBALARI
| Hujjat turi | Nomi / mazmuni | Havola |
|---|---|---|
| O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi | Sog'liqni saqlash va tibbiy yordam olish kafolatlarini o'z ichiga oladi | lex.uz constitution.uz |
| Qonun |
"Fuqarolarning sog'lig'ini saqlash to'g'risida" 1996-yil 29-avgust, №265-I Sog'liqni saqlash tizimining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilaydi |
lex.uz med.uz |
| Qonun |
"Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida" 2016-yil 4-yanvar, №399 Dori vositalarining ishlab chiqarilishi, muomalasi, tarqatilishi va farmatsevtika xizmatlarini tartibga soladi |
Havola |
| Qonun |
"Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida" 2019-yil 11-mart, №528 Aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish va ta'minlash masalalarini qamrab oladi |
Havola |
| Qonun |
"Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida" 2013-yil 22-avgust, №353 OIV tarqalishiga qarshi kurash choralarini tartibga soladi: oldini olish, davolash, bemorlar va zaif guruhlarning huquqlarini himoya qilish |
Havola |
Prezident hujjatlari |
||
| Prezident Farmoni |
PF-5590 2018-yil 7-dekabr 2025 yilgacha sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini, e-health raqamli platformasini joriy etishni nazarda tutadi |
Havola |
| Prezident Qarori |
PQ-5000 2021-yil 23-fevral Sog'liqni saqlash sohasini raqamlashtirish choralari, IT-Med tizimini yaratishni belgilaydi |
Havola |
| Prezident Farmoni |
PF-88 2025-yil 19-may Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko'rsatish tizimini isloh qilishni joriy etadi |
Havola |
Vazirlar Mahkamasi hujjatlari |
||
| VMQ |
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-sentyabrdagi 573-son qarori 2024-yil 13-sentyabr Fuqarolar va tizim o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning texnik jihatlarini tartibga soladi – tibbiyot muassasalariga hisobga qoʻyish va ro'yxatga olish |
Havola |
Sog'liqni saqlash vazirligi hujjatlari |
||
| Vazirlik hujjatlari va standartlari | Klinik me'yorlar, litsenziyalash, sanitariya normalarini belgilaydi | Havola |