Sizning huquq va majburiyatlaringiz: mahalla aholisi uchun ma’lumot
O‘zbekistonda mahalla nafaqat ma’muriy birlik, balki fuqarolik jamiyatining noyob instituti bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va bir qator qonunlarda, jumladan, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunda (1999-yil, keyingi o‘zgartishlar bilan) mustahkamlab qo‘yilgan. Mahalla o‘zaro yordam, an’analar, adolat va fuqarolarning ishtiroki tamoyillariga asoslangan boshqaruv tizimining aholiga eng yaqin bo‘g‘ini sifatida faoliyat yuritadi. Bugungi kunda mahalla ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, manzilli yordam markazi, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda aholining mahalliy muammolarini hal etish platformasi hisoblanadi.
Mazkur tizimning samaradorligi aholining o‘z huquqlarini qay darajada bilishiga, shuningdek, mahalla qo‘mitalarining qonunchilik va normativ hujjatlarda belgilangan majburiyatlari hamda funksiyalarini tushunishiga bog‘liq.
Mahalla aholisi huquqlari
Mahalla aholisi huquqlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoy qilish to’g’risida”gi Qonunlarda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari va Prezident farmonlarida mustahkamlangan. Ushbu huquqlar, murojaatlarga e’tibor qaratishi va aholiga ko‘mak ko‘rsatishi shart bo’lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ta’minlanadi. Har bir mahalla aholisi davlat tomonidan kafolatlangan va mahalla tuzilmalari orqali amalga oshiriladigan bir qator huquqlarga ega:
Murojaat qilish huquqi
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunda mustahkamlangan. Mahalla aholisi ijtimoiy himoya, bandlik, imtiyoz olish yoki nizolarni hal etish masalalari bo‘yicha mahalla qo‘mitasiga ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga bo’lgan huquq – O‘zbekiston Respublikasining
“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoy qilish to’g’risida”gi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻal oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagi qatlamlari belgilangan. Kam ta’minlangan oilalar, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar milliy dasturlarga muvofiq nafaqa va imtiyozlarni mahalla organlari orqali olishlari mumkin.
Zo‘ravonlik va kamsitilishdan himoyalanish huquqi
“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan. Mahalla oilaviy zo‘ravonlik, xotin-qizlar va bolalar huquqlarining buzilishi holatlariga chora ko’rishi, ularni inqiroz markazlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yo‘naltirishni
Jamiyat hayotida ishtirok etish huquqi
aholining mahalla majlislarida qatnashish, takliflar kiritish va qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish huquqiga “ochiq jamiyat” demokratik prinsipini ifodalaydi.
Aholining majburiyatlari
Belgilangan huquqlar bilan bir qatorda, har bir mahalla aholisi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (49–52-moddalar), 1999-yil 14-apreldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonuni (o‘zgartishlar bilan), shuningdek, ma’muriy va fuqarolik qonunchiligi normalarida belgilangan majburiyatlarga ham ega. Ushbu majburiyatlar jamiyatda totuv yashash, nizolarning oldini olish va o‘zaro hurmat hamda hamkorlik muhitini yaratishning asosini tashkil etadi. Ularni bajarish nafaqat jamiyatdagi ishonchni, balki mahalla organlarining o‘zini ham qonuniyligini mustahkamlaydi, adolatli boshqaruv tizimi sifatida mustahkamlaydi, huquq va majburiyatlar o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlaydi.
Mahallada tartib va o‘zaro hurmat muhitini saqlash uchun har bir fuqaro quyidagi qoidalarga rioya etishi shart:
Jamoat tartibi qoidalariga rioya qilish va qo‘shnilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish
Aholi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida (183 va 183-1-moddalari) belgilangan jamoat tartibi normalariga rioya qilishga, boshqa fuqarolarning huquq va manfaatlariga hurmat qilishga majburdirlar. Tinchlikni buzish, axlat tashlash, nizolar keltirib chiqarish yoki tajovuzkor xatti-harakatlar ma'muriy jazoga olib kelishi mumkin. Qo‘shnilarning bir-biriga hurmat bildirishi nafaqat ijtimoiy norma, balki maishiy nizolarning oldini olish va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy talabdir.
Mahalla tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish (hasharlar, yig‘ilishlar)
Fuqarolar yig‘ilishlari va tadbirlari bevosita demokratiya vositasi bo‘lib, unda aholi jamiyat hayotini belgilovchi qarorlar qabul qilishda ishtirok etadi.
Hasharlar, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarda qatnashish mahallaning tozaligi, obodonchiligi va umumiy infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu shunchaki rasmiyatchilik emas, balki “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan jamoaviy mas’uliyat tamoyiliga asoslangan fuqarolik burchidir.
Infratuzilma va umumiy mulkka ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish
Mahalla hududidagi ko‘chalar, hovlilar, bog‘lar, kommunal xo‘jalik obyektlari hamda ijtimoiy muassasalar umumiy mulk hisoblanadi. Ularga zarar yetkazish yoki qarovsiz qoldirish butun jamiyat manfaatlariga ziyon yetkazadi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va “Atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, mahalla aholisi umumiy foydalanishdagi obyektlarni asrash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya qilishlari shart.
Nafaqa va imtiyozlarni olish uchun ishonchli ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PQ–84-son Farmoni bilan joriy etilgan manzilli ijtimoiy yordam tizimiga muvofiq noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish qonun buzilishi hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘ladi. Aholi o‘z vaqtida mahalla qo‘mitasini oila tarkibi, daromadlari, ijtimoiy maqomi va nafaqa hamda imtiyozlarni tayinlashga ta’sir etuvchi boshqa holatlar to‘g‘risida xabardor qilishi shart. Bu resurslarning adolatli taqsimlanishini ta’minlaydi va suiiste’mol qilishning oldini oladi.
Mahalla qo‘mitalarining roli
“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonun va qator davlat dasturlariga muvofiq, mahalla qo‘mitalari davlat va aholi o‘rtasida vositachi vazifasini bajaradi. Ular nafaqat ijtimoiy siyosatni amalga oshiradi, balki ijtimoiy muammolarning profilaktikasi, fuqarolar huquqlarini himoya qilish hamda jamoaviy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahalla qo‘mitalarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Ijtimoiy himoya
- nafaqalarni rasmiylashtirish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga ko‘mak berish.
Huquqiy va psixologik yordam
- aholini yurist va psixologlarga yo’naltirish, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat xizmatlari bilan hamkorlikda ishlash.
Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish
- Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, vasiylik organlari hamda Bolalar ombudsmani bilan hamkorlikda huquqbuzarliklarning oldini olish va kompleks yordam ko‘rsatish.
Nizolarni hal etishda vositachilik
- oilaviy, mulkiy va maishiy kelishmovchiliklarni sudgacha bo‘lgan bosqichda murosali yo‘l bilan hal etishda yordam ko‘rsatish.
Aholini xabardor qilish
- aholini amaldagi qonunchilik, davlat dasturlari, ijtimoiy tashabbuslar va yangi imkoniyatlar haqida o‘z vaqtida ishonchli axborot bilan ta’minlash.
Yordam so‘rab qaerga murojaat qilish kerak
Mahalla hayoti faqat qo‘shnilar va urf-odatlardan iborat emas, balki turli hayotiy vaziyatlarda o‘z vaqtida yordam olish imkoniyati hamdir. O‘zbekistonda qanday muammo bo’lishidan qatiy nazar har bir fuqaroning murojaatiga javob berishni kafolatlovchi tizim mavjudligini bilish muhim. Bu tizim ijtimoiy himoya, huquqiy masalalar yoki favqulodda vaziyatlar bo‘yicha yordam ko’rsatishni ta’minlaydi. Bilish va yodda tutish kerak bo'lgan eng muhim jihat shundaki, hech bir murojaat e’tiborsiz qoldirilmaydi. Bu qonun bilan mustahkamlangan bo‘lib, har bir fuqaro amaliy himoya va ko‘mak olish huquqiga ega.

Murojaat etish uchun asosiy manzil va xizmatlar:
• Mahalla qo‘mitasi – birinchi va eng qulay murojaat nuqtasi. Bu yerda nafaqa rasmiylashtirish, oilaviy va maishiy nizolarni hal etish, shuningdek, ixtisoslashgan mutaxassislarga yo‘naltirishda yordam ko‘rsatiladi.
• Vasiylik va homiylik organlari – bolalar huquqlarini, jumladan zo‘ravonlik holatlari, ota-onalik burchlarini bajarmaslik, ajralish yoki ota-onalik huquqidan mahrum etish bilan bog‘liq masalalarda, himoya qiladi.
• Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi – zo‘ravonlik yoki kamsitilishdan jabrlangan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatadi. Qo‘mita huzurida inqiroz markazlari va ishonch telefonlari faoliyat yuritadi.
• Ijtimoiy himoya milliy agentligi (my.gov.uz portali) – nafaqa va imtiyozlarni rasmiylashtirish uchun yagona onlayn platforma hisoblanadi. Endilikda ko‘plab xizmatlardan masofadan turib, ortiqcha byurokratiyasiz foydalanish mumkin.
• Nodavlat notijorat tashkilotlari (masalan, Yuksak Salohiyat, Nemolchi.uz va boshqalar) – bepul huquqiy maslahatlar, psixologik yordam ko‘rsatadi, shuningdek anonim tarzda murojaat qilish imkonini beradi.
• Ichki ishlar vazirligining ishonch telefoni – 102 – hayot va sog‘liq uchun xavf tug‘ilganda 24 soatlik tezkor yordam xizmati.
Favqulodda vaziyatlarda harakat qilishning namunaviy algoritmi
Favqulodda vaziyatlar — har bir daqiqa muhim bo‘lgan holatlar bo‘lib, to‘g‘ri harakatlar sog‘liqni, mol-mulkni va hatto hayotni saqlab qolishi mumkin. Bunday vaziyatlarga oilaviy yoki ko‘chadagi zo‘ravonlik, bolalarga tahdid, yong‘inlar, maishiy avariyalar, hayot uchun xavfli mojarolar, sog‘likning to‘satdan yomonlashishi yoki inson yoki oila darhol yordam talab qiladigan har qanday boshqa holatlar kiradi.
Aholi orasida eng ko‘p uchraydigan xato — “muammoni mustaqil hal qilish”ga urinish yoki murojaatni kechiktirishdir. Bu oqibatlarning yanada chuqurlashishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, O‘zbekistonda murojaatlarga javob berish tizimi yaratilgan bo‘lib, unda har bir xizmatning aniq majburiyatlari belgilangan, fuqarolarning murojaatlari esa himoya hamda yordam mexanizmini ishga tushirishini anglash muhim. Mazkur algoritm bosqichma-bosqich, sarosimaga tushmasdan harakat qilishga va tegishli xizmat hamda tashkilotlardan eng qisqa fursatda yordam olishga ko‘mak beradi.
Vaziyatning mohiyatini aniqlang
- Agar hayot yoki sog‘liqqa xavf tug‘ilsa (zo‘ravonlik, yong‘in, bolalarga tahdid va boshqalar) – 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
- Agar bolani himoya qilish zarur bo‘lsa – vasiylik organlariga yoki mahalla qo‘mitasiga murojaat qiling.
- Agar ayolga zudlik bilan yordam kerak bo‘lsa – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling yoki eng yaqin inqiroz markaziga murojaat eting.
Muammoni aniq va ravshan bayon qiling
- Muammoni tasvirlab bering (masalan: “oilada zo‘ravonlik holati bor”, “bola g‘amxo‘rliksiz qolgan”).
- Manzilingizni va aloqa uchun ma’lumotlaringizni ko‘rsating.
Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish
- Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, vasiylik organlari hamda Bolalar ombudsmani bilan hamkorlikda huquqbuzarliklarning oldini olish va kompleks yordam ko‘rsatish.
Murojaatni qayd eting
Har doim murojaatni qayd eting (qo‘ng‘iroq raqami, murojaatingizni qabul qilgan mutaxassisning familiyasi va tashrif sanasi). Bu, agar masala sudda yoki davlat idoralarida ko‘rib chiqilsa, muhim dalil bo‘lib xizmat qiladi.
Yordam oling
Agar masala uzoq muddatli yechimni talab etsa (masalan, nafaqa, uy-joy, ish bilan ta’minlash), mahalla va nodavlat notijorat tashkilotlari zarur hujjatlarni tayyorlashda hamda tegishli idoralarga murojaat qilishda yordam beradi.
Ko‘p beriladigan savollar
Mahalla aholisi ko‘pincha o‘z huquqlari, ularni himoya qilish mexanizmlari va harakat tartibini aniq bilishni talab qiluvchi hayotiy vaziyatlarga duch keladi. Hech kim o'z muammolari bilan yolg'iz qolmasligini tushunish muhimdir. O‘zbekistonda davlat organlari, mahalla qo‘mitalari va nodavlat tashkilotlari yuzaga keladigan qiyinchiliklarni hal etishda qo‘llab-quvvatlash, himoya qilish hamda hamrohlik qilish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan tizim faoliyat yuritadi.
Ushbu bo‘lim har bir fuqaro ishonchli ma’lumotga ega bo‘lishi va zarurat tug‘ilganda qayerga murojaat qilish mumkinligini bilishi uchun tayyorlangan. Quyida mahalla aholisi orasida eng ko‘p uchraydigan dolzarb savollar hamda amaliy, qonuniy asoslangan javoblar va mavjud resurslar hamda xizmatlar ro‘yxati keltirilgan.
Avvalo mahalla qo‘mitasiga murojaat qilish, so‘ngra vasiylik organlari yoki ichki ishlar organlariga murojaat qilish lozim. Shuningdek, anonim yordam ko‘rsatuvchi ishonch telefonlari va NNT mavjud.
Quyida yordam so‘rash mumkin bo‘lgan asosiy aloqa ma’lumotlari keltirilgan:
| Tashkilot | Telefon / Veb-sayt | Qanday yordam ko'rsatadi |
|---|---|---|
| Mahalla qo'mitasi | Yashash manzili bo'yicha manzil va telefon raqami | Murojaatlar uchun birinchi murojaat nuqtasi |
| Ayollar va bolalar uchun milliy ishonch telefoni | 1146 (kecha-yu-kunduz va bepul) | Консультациялар va psixologik yordam |
| Adliya vazirligining ishonch telefoni | 1008 | Huquqiy masalalar, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish |
| Oila va xotin-qizlar qo'mitasining ishonch telefoni | 1234 | Zo'ravonlikdan jabrlangan ayollarga yordam |
| Ijtimoiy himoya milliy agentligi | my.gov.uz | Pensiya va ijtimoiy xizmatlarni onlayn rasmiylashtirish |
| Ichki ishlar vazirligining ishonch telefoni | 102 | Hayot va sog'liqqa tahdid soluvchi favqulodda holatlarda murojaat qilish |
HUQUQIY MA’LUMOTNING ASOSIY MANBALARI
| Hujjat turi | Nomi / mazmuni | Havola |
|---|---|---|
| O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi |
2023-yil 5-yanvar XXI bob "Mahalliy davlat hokimiyati asoslari. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari" (120–127-moddalar): fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining davlat hokimiyati tizimidagi o'rni, asosiy prinsiplari va kafolatlari haqidagi ma'lumotlarni o'z ichiga oladi |
lex.uz constitution.uz |
| Qonun |
"Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari to'g'ridida" 1999-yil 14-aprel, №758-I Fuqarolar yig'ini, uning organlari (kengash, komissiyalar, taftish komissiyasi), vakolatlari, faoliyatining shakllari va qarorlari haqidagi asosiy qonun |
Havola |
| Qonun |
"Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida" 2018-yil 15-oktyabr, №499 Mahalla raisi saylovini tashkil etish va oʻtkazish, fuqarolarning saylov huquqlarini tartibga soladi |
Havola |
| Qonun |
"Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida" 2014-yil 14-may, №371 Mahallaning huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat xavfsizligini ta'minlashdagi ishtirokini belgilaydi |
Havola |
| Qonun |
"Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida" 2019-yil 2-sentyabr, №561 Xotin-qizlarni zo'ravonlikdan himoya qilish maqsadida mahallaning vazifalari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari bilan o'zaro hamkorligi tartibini belgilaydi |
Havola |
| Qonun |
"Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida" 2024-yil 14-noyabr, №996 Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni, shu jumladan bu jarayonlarda fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining ishtirokini tartibga soladi |
Havola |
Prezident hujjatlari |
||
| Prezident Qarori |
PQ-5050 "Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida" 2021-yil 2-aprel Jamoat tartibi va xavfsizligini ta'minlashda mahallaning rolini mustahkamlashga qaratilgan qoidalarni o'z ichiga oladi |
Havola |
| Prezident Qarori |
PQ-147 "Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida" 2022-yil 1-mart Mahallalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi sohaviy idoraning tuzilmasi va vakolatlarini belgilaydi (2022-yil 1-martdagi PF–81-sonli Farmonda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tuzilgan) |
Havola |
| Prezident Farmoni |
PF-209 "Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida" 2023-yil 21-dekabr Mahallaning faoliyatini yanada samarali va maqsadli amalga oshirish uchun "mahalla yettiligi"ning vazifa va tuzilmasini belgilaydi |
Havola |
Vazirlar Mahkamasi qarorlari |
||
| VMQ |
VMQ-3 "Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" 2020-yil 3-yanvar Ayollarni zo'ravonlikdan himoya qilish tizimini yaxshilash bo'yicha choralar, shu jumladan mahalla organlarining rolini belgilaydi |
Havola |
| VMQ |
VMQ-944 "Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida mehnat munosabatlarini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida" 2017-yil 27-noyabr Mahalla xodimlarining maqomini, mehnat munosabatlarini, mehnat haqi va kafolatlarini belgilaydi. (2018-2023 yillardagi o'zgarishlar bilan amal qiladi) |
Havola |
| VMQ |
VMQ-964 2017-yil 5-dekabr Mahalla, NNT va mehnat organlarining bandlikni ta'minlashga ko'maklashish bo'yicha (ayniqsa, yoshlar va ayollar) o'zaro hamkorligini belgilaydi |
Havola |
| VMQ |
VMQ-334 2024-yil 13-iyun Mahalla yettiligi a'zolarining faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilish va ularning ishini tashkil etish tartibini tasdiqlaydi |
Havola |
Namunaviy nizomlar va yo'riqnomalar |
||
| VMQ |
VMQ-7 "Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida" 2018-yil 5-yanvar |
Havola |
| VMQ |
VMQ-219 Fuqarolar yig'ini to'g'risidagi namunaviy nizomga kiritilgan o'zgarishlar 2017-yil 14-aprel |
Havola |